Bugun Jizzax viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda hududiy saylov komissiyasi qoshida matbuot markazini tashkil etish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzish masalalari muhokama etildi.
Majlisni hududiy saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov olib bordi.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan HSK kotibi D. O‘ralov axborot berdi. Hududiy saylov komissiyasi Matbuot markaziga tavsiya etilgan nomzodlar bilan tanishtirdi. Jizzax viloyat hududiy saylov komissiyasining to‘rt nafardan iborat Matbuot markazi xodimlari tasdiqlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan HSK raisi o‘rinbosari To‘lqin Yunusovning axboroti tinglandi va saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan shahar va tumanlar hokimliklarining taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, viloyatda 553 ta saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.